NIZOM

Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida

Home /

Nizom

Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida

[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil15-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2556]
 
Oʻzbekiston Respublikasining “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 162-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-sonli “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 29-son, 373-modda) muvofiq
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2013-yil 16-dekabrdagi 423-son buyrugʻiga
ILOVA

Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM

Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 162-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-sonli “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 29-son, 373-modda) muvofiq, qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
aferez — donordan olingan qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish usuli;
gemotransmissiv infeksiyalar — qon va uning tarkibiy qismlarini quyishda yuqishi mumkin boʻlgan infeksiyalar;
donor — oʻz qoni va uning tarkibiy qismlaridan bir qismini tibbiyot ehtiyojlari uchun ixtiyoriy ravishda beruvchi jismoniy shaxs;
donor qoni banki — qon bilan ishlash xizmati tomonidan vujudga keltiriladigan va yangilab boriladigan, uzoq muddat saqlashga moʻljallangan donor qoni tarkibiy qismlarining zaxiralari;
donorlik — bemorga yordam tariqasidagi oʻz qoni va uning tarkibiy qismlarini tibbiyot ehtiyojlari uchun berishdan iborat boʻlgan erkin ifodalangan ixtiyoriy harakat;
donatsiya — donordan olingan qon va uning tarkibiy qismlarini retsipiyentga (tibbiy koʻrsatmalarga asosan qon yoki uning tarkibiy qismlarining quyilishiga muhtoj boʻlgan shaxsga) quyish uchun moʻljallangan yoki boshqa tibbiyot ehtiyojlarida (dori vositalarini tayyorlash va h.k.) foydalanish uchun tayyorlash muolajasi;
pullik (faol) donor — qon yoki uning tarkibiy qismlarini haq evaziga topshiruvchi jismoniy shaxs;
plazmaferez — donor qonidan plazma ajratib olish va donorga oʻzining qon hujayralarini tezkor ravishda qaytarib quyish;
plazma — qonning suyuq qismi.
2. Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishning asosiy maqsadi ixtiyoriy, begʻaraz va muntazam donatsiyalar asosida aholini xavfsiz hamda sifatli qon va uning tarkibiy qismlari bilan taʼminlash hisoblanadi.
3. Qon va uning tarkibiy qismlari donorligining asosiy prinsiplari:
qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishning ixtiyoriyligi;
qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishning inson uchun bezararligi;
donor qoni va uning tarkibiy qismlarini ishlatish xavfsizligi.
4. Qon bilan ishlash xizmati davlat sogʻliqni saqlash tizimining donor qoni va uning tarkibiy qismlarini toʻplash, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari majmuidan iborat.
5. Qon bilan ishlash xizmati:
donor qoni va uning tarkibiy qismlarini, shuningdek donor qoni preparatlarini ishlatish xavfsizligi sharoitlarini taʼminlash;
donor qoni va uning tarkibiy qismlari, shuningdek donor qoni preparatlarining tashilishini tashkil etish;
donor qoni bankini vujudga keltirish va yangilab borish uchun masʼul hisoblanadi.
II bob. Donorlarni tanlab olish
6. Har bir oʻn sakkiz yoshga toʻlgan va tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan shaxs donor boʻlishi mumkin.
7. Donorlar dastlab soʻrovnomani toʻldirish va suhbat oʻtkazish yoʻli bilan tanlab olinadi.
8. Qon bilan ishlash xizmati masʼul xodimlari donorlarga donatsiya muolajasi, qonning oʻziga xos xususiyatlari, aferez usullari, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, uning qonini tekshirish talab etilishining sabablari haqida zarur maʼlumot berishga majbur. Qon bilan ishlash xizmati donorning sogʻligʻidagi oʻzgarishlar haqida donorga, donor esa, tibbiy koʻrikdan oʻtish vaqtida oʻzi boshidan kechirgan kasalliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni maʼlum qilishi shart.
9. Qon bilan ishlash xizmati donorning sogʻligʻi holati va amalga oshirilgan tahlillar natijalari haqidagi maʼlumotlarning sir saqlanishini kafolatlaydi.
10. Donor uning qonida OIV/OITS, “V” va “S” gepatitlari yoki boshqa gemotransmissiv infeksiyalar elementlari aniqlanganda, qoni yoʻq qilinishi hamda donorlikdan chetlashtirilishi haqida ogohlantirilishi lozim.
11. Donatsiya turiga koʻra donorlar quyidagi guruhlarga boʻlinadi:
yaxlit qon donorlari;
plazma (immun, izoimmun) donorlari;
qon hujayralari donorlari.
III bob. Donorlarni qabul qilish va hisobga olish
 
12. Donorlar qon bilan ishlash xizmati tomonidan:
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari — pasport, harbiy xizmatchilar esa, harbiy hisobga olish hujjatlari (harbiy guvohnoma yoki ofitserning shaxsiy guvohnomasi);
chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashashga ruxsatnoma bilan qabul qilinadi.
13. Qon bilan ishlash xizmatiga tashrif buyurgan har bir donor masʼul xodim tomonidan u haqdagi maʼlumotlarning Yagona donorlik markazining axborot bazasida (bundan buyon matnda axborot bazasi deb yuritiladi) mavjudligi tekshirib koʻriladi. Axborot bazasida donor haqida tegishli maʼlumot mavjud boʻlmasa, donor identifikatsiya raqami koʻrsatilgan hisobvaraqada roʻyxatga olinadi va u haqdagi maʼlumotlar axborot bazasiga kiritiladi.
14. Axborot bazasida shaxsning donor boʻlishiga qarshilik qiluvchi maʼlumotlar boʻlmasa, unga mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi tibbiy savolnoma beriladi. Mazkur tibbiy savolnoma har bir qon donatsiyasidan oldin donor tomonidan mustaqil ravishda yoki donorning iltimosiga koʻra shifokor-terapevt tomonidan toʻldiriladi.
 
15. Donorlar tegishlicha quyidagi birlamchi tibbiy hujjatlar asosida hisobga olinadi:
Zaxm, gepatit va OIV/OITS boʻyicha natijalari musbat boʻlgan donorlarni qayd qilish jurnali (403/U — shakl);
Donorning hisobvaraqasi (405/U — shakl);
Pullik (faol) donorning tibbiy kartasi (406/U — shakl);
Bepul (begʻaraz) donorning kartasi (407/U — shakl);
Stafilokokka qarshi anatoksin bilan immunizatsiya va reyimmunizatsiya qilish jurnali (408/U — shakl);
Donorlarni hisobga olish kundaligi (410/U — shakl);
Pullik (faol) donorlarni hisobga olish kundaligi;
Bepul (begʻaraz) donorlarni hisobga olish kundaligi.
16. Qon boshqa tashkilotlarda olinganda, donorlarning hisobga olish hujjatlari tibbiyot xodimi yoki mazkur tashkilotning kadrlar xizmati tomonidan donorning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari asosida tuzilgan roʻyxatga muvofiq toʻldirilishi mumkin.
17. Donorning hisobvaraqasi (405/U — shakl) 50 yil, qolgan hisobga olish hujjatlari esa, 5 yil saqlanadi.
18. Donor hisobdan chiqarilganda, qon bilan ishlash xizmatining masʼul xodimi tomonidan Donorning hisobvaraqasi (405/U — shakl) va Pullik (faol) donorning tibbiy kartasiga (406/U — shakl) uning donorlikdan chiqarilishi sabablari toʻgʻrisida tegishli yozuv kiritiladi. Mazkur hisobga olish hujjatlarida donor tomonidan topshirilgan barcha qon va uning tarkibiy qismlari miqdori koʻrsatilishi shart.
19. Donatsiyaga qabul qilingan donordan virusli gepatit, brutsellyoz, zaxm, sil, malyariya va OIV-infeksiya bilan kasallanmaganligi haqida soʻraladi hamda qonini mazkur gemotransmissiv infeksiyalar boʻyicha tekshirishga yozma roziligi olinadi.
IV bob. Donorlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish
20. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish donordan zarur maʼlumotlarni olish, uni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va qonni laborator tekshiruvidan (skriningdan) oʻtkazishni oʻz ichiga oladi.
21. Donorlarni qon bilan ishlash xizmatining donor kadrlarni hisobga olish va jamlash boʻlimining shifokor-terapevti tibbiy koʻrikdan oʻtkazadi. Bunda shifokor-terapevt hisob hujjatlarini toʻldiradi, donorning donorlikka yaroqliligini hamda olinadigan qon, plazma, qon hujayralari miqdorini aniqlaydi. Donor, zarur hollarda, qoʻshimcha tekshiruv va maslahatlashuvga yuborilishi mumkin.
22. Donatsiyadan oldin donorga chanqovbosdi (yaxna) ichimlik yoki shirin choy, donatsiyadan keyin ovqat beriladi yoxud ovqat uchun pullik kompensatsiya toʻlanadi.
23. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish vaqtida:
donor umumiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Bunda donorning tashqi koʻrinishi, teri va koʻzning shilliq qavatlari, limfatik tugunlar va qorin boʻshligʻi organlari palpatsiyasi hamda koʻkrak qafasi organlari auskultatsiyasi amalga oshiriladi;
tomir urishi (puls) tezligi va uning bir maromda urishi, arterial bosim aniqlanadi. Bunda tomir urishi (puls) bir maromda va bir daqiqada 60 dan 80 gacha, arterial bosim — sistolik bosim 90 — 170 mm simob ustuni oraligʻida, diastolik bosim 60 — 90 mm simob ustuni oraligʻida boʻlishi kerak;
gemoglobin miqdori aniqlanadi. Bunda erkaklarda kamida 128 g/l, gematokrit 40 %, ayollarda esa, kamida 120 g/l, gematokrit 38 %, boʻlishi zarur;
donorning tana harorati oʻlchanadi. Bunda tana harorati 36° S dan past va 37° S dan yuqori boʻlmasligi lozim.
24. Tana vazni 50 kg va undan kam boʻlgan, boʻyi 150 sm va undan past boʻlgan shaxslar ularning sogʻligʻiga jiddiy ziyon yetkazilishining oldini olish maqsadida shifokor-terapevtning yozma xulosasiga asosan donorlikka qoʻyiladi.
25. Donorning qoni quyidagi ikki bosqichda tekshiriladi:
a) donatsiyadan oldin — donordagi gemoglobin miqdori va qon guruhi aniqlanadi;
b) donatsiyadan keyin — donor qonining quyidagi koʻrsatkichlar boʻyicha laborator tekshiruvi (skriningi) olib boriladi:
AVO tizimi boʻyicha qon guruhi va Rh — Nr tizimi boʻyicha rezus-mansubligi;
toʻliqsiz shakldagi immun antitelolar (antitanachalar) hamda AVO tizimining tabiiy antitelolari titri;
zardob alaninaminotransferazasi (ALT) faolligi;
V gepatiti virusining yuzaki antigeni (NBsAg);
S gepatiti virusiga qarshi antitelolar (anti VGS);
OIV — 1 va OIV — 2 viruslariga qarshi antitelolar va antigenlar;
xira treponemaga qarshi antitelolar;
brutsellyoz boʻyicha serologik koʻrsatkichlar;
malyariya (iqlimi mazkur kasallikni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan hududlarda).
26. Qonni bilirubinga laborator tekshirish donorni tibbiy koʻrikdan oʻtkazgan shifokor-terapevt tavsiyasi hisobga olingan holda zaruratga koʻra amalga oshiriladi.
27. Gemotransmissiv infeksiyalar boʻyicha laborator tekshiruv (skrining) natijalari qon tekshiruvga olingan vaqtdan boshlab yetti kun davomida haqiqiy hisoblanadi.
28. Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish istagida boʻlgan shaxslar mazkur Nizomning 2-ilovasida koʻrsatilgan roʻyxatda nazarda tutilgan hollarda butunlay yoki vaqtincha donorlikdan chetlashtirilishi mumkin.
29. Donorning sogʻligʻiga ziyon yetkazuvchi holatlar yuzaga kelgan taqdirda, unga mazkur Nizomning 3-ilovasida nazarda tutilgan tegishli shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatiladi.
30. Plazma donorlarini dastlabki tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda qoʻshimcha ravishda quyidagilar tekshiriladi:
qon zardobida oqsilning umumiy miqdori;
trombotsitlar va retikulotsitlar miqdori;
qon zardobining oqsil fraksiyalari.
31. Donor takroriy plazma topshirganda:
gemoglobin miqdori yoki gematokrit;
timol sinamasi (probasi);
eritrotsitlarning choʻkish tezligi;
qon zardobidagi oqsilning umumiy miqdori;
leykotsitlar miqdori aniqlanadi.
32. Plazma donorlarida:
plazmaferezning beshta muolajasi oʻtkazilgandan keyin qon zardobining oqsil fraksiyalari tekshiriladi;
bir yilda bir marta qoni va peshobining klinik tahlili oʻtkaziladi.
33. Plazma donorlari tegishli qon bilan ishlash xizmatiga:
uch oyda bir marta tegishli Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining hududiy boʻlimidan A gepatitiga aloqadorligi yoʻqligi haqida maʼlumotnoma;
olti oyda bir marta tegishli davolash-profilaktika muassasasidan boshidan kechirgan kasalliklari koʻrsatilgan tibbiy maʼlumotnoma va Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining hududiy boʻlimidan esa, V va S gepatitlariga aloqadorligi yoʻqligi haqida maʼlumotnoma;
bir yilda bir marta tegishli davolash-profilaktika muassasasidan koʻkrak qafasining rentgenologik tekshiruvi va elektrokardiografiya maʼlumotlari;
plazma donor-ayollar bir yilda bir marta boshidan kechirgan xastaliklar toʻgʻrisidagi ginekologdan maʼlumotnoma taqdim etadi.
34. Immun donorlarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish hamda ular qonining laborator tekshiruvi (skriningi) qon va plazmaferez donorlari singari amalga oshiriladi. Immun plazmasi donorlarida qoʻshimcha ravishda spetsifik immun antitanachalari titri aniqlanadi.
35. Qon hujayralari donorlarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish hamda ular qonining laborator tekshiruvi (skriningi) qon donorlari singari amalga oshiriladi. Birlamchi laborator tekshiruvda (skriningda) sitaferezdan oldin qonning quyuqlashish vaqti aniqlanadi va bir yilda bir marta elektrokardiografik tekshiruv oʻtkaziladi. Donatsiyadan oldin uch kun ichida aspirin yoki tarkibida aspirin boʻlgan va trombotsitlar funksiyasini buzadigan boshqa dori vositalarini qabul qilgan donor trombotsitlar donatsiyasiga qoʻyilmaydi.
36. Trombotsitoferez muolajalari orasidagi vaqt oʻn toʻrt kunni tashkil etadi.
37. Yaxlit qon donatsiyasi va sitoferez muolajasi orasidagi vaqt bir oyni tashkil etadi.
38. Rezus tizimi antigenlari bilan immunnizatsiyalashga oʻn sakkiz yoshdan ellik yoshgacha boʻlgan erkaklar hamda homiladorlik natijasida sensibilizatsiyalangan yoki menopauza davridagi ayollar qoʻyiladi.
39. Stafilokokk anatoksini bilan immunizatsiyalashga faqat yigirma yoshdan ellik yoshgacha boʻlgan erkaklar qoʻyiladi. Ayollarni immunizatsiyalashga qoʻyish taqiqlanadi.
40. Takroriy donatsiyadan soʻng, har bir donorga qon bilan ishlash xizmati rahbari tomonidan tasdiqlangan “Donor guvohnomasi” beriladi.
41. Donorning sogʻligʻida donor boʻlishga qarshi koʻrsatmalar boʻlgan taqdirda, tibbiy hujjatlarga (Donorning hisobvaraqasi (405/U — shakl) va Pullik (faol) donorning tibbiy kartasi (406/U — shakl) yoki Bepul (begʻaraz) donorning kartasi (407/U — shakl) uni donorlikdan chetlashtirish sabablari va hisobdan chiqarilgan sanasi yozib qoʻyiladi va oʻz navbatida, ushbu donor haqidagi axborot Yagona donorlik markaziga yuboriladi.
42. Donor tibbiy koʻrik natijalariga koʻra donorlikdan chetlashtirilgan yoki texnik sabablar boʻyicha muolajani olib borish mumkin boʻlmaganda, donorga sarflangan vaqtni koʻrsatgan holda uning tekshirilganligi haqida maʼlumotnoma beriladi.
V bob. Qon va plazma donatsiyasi uchun talablar
43. Yaxlit qon donatsiyasining hajmi donorni tibbiy koʻrikdan oʻtkazgan shifokor-terapevt tomonidan aniqlanadi. Yaxlit qon donatsiyasi hajmi antikoagulyantni hisobga olmaganda 400 ml dan ortiq boʻlmasligi va odatda 400 ± 10 % ni tashkil etadi.
44. Qon donatsiyasining standart hajmini, qoida tariqasida, vazni 50 kg dan kam va boʻyi 150 sm dan past boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
45. Yaxlit qon donatsiyasining davriyligi bir yilda koʻpi bilan 4-martani tashkil qiladi. Organizmda zardobdagi temir zaxirasini toʻldirish uchun donatsiyalar oʻrtasidagi vaqt oraligʻi erkaklar uchun — 2 oydan, ayollar uchun — 3 oydan kam boʻlmasligi kerak.
46. Bitta donordan olinadigan plazmaning eng yuqori hajmi bir yilda 12 l dan, plazmaning eng yuqori bir martalik dozasi esa, 600 ml dan oshmasligi kerak.
47. Bir donor uchun plazmaferez muolajalarining eng koʻp soni — bir yilda 20 ta muolajani tashkil qilishi lozim. Bunda plazmaferez muolajalari oʻrtasidagi oraliq 7 — 14 kunni tashkil qiladi.
48. Har xil donatsiya turlari oʻtkazilganda, plazmaferez muolajasi uchun vaqt oraligʻi bir oyni tashkil qilishi zarur. Har 10 ta plazmaferez muolajasidan soʻng, donorga bir oy muddatga tanaffus beriladi.
49. Mehnat sharoiti ogʻir va zararli ishlarda ishlovchi donorlar uchun donatsiya bilan ish qobiliyatini tiklash orasidagi oraliq vaqt 12 soatdan kam boʻlmasligi kerak.
VI bob. Yakuniy qoida
50. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.